Samarqand viloyatining Urgut tumanida o‘quvchi qizlar o‘rtasida kelib chiqqan mojaro yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 13 oktyabr kuni 9-“A” va 9-“B” sinf o‘quvchilari o‘rtasida telefon orqali kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ertangi kuni, 14 oktyabrda, Qo‘ratepa mahallasida joylashgan Sarbozor ko‘chasida qizlar o‘rtasidagi janjal mushtlashuvga aylanib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, voqea davomida jami 12 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.
Hodisa ortidan maktab ma’muriyati va profilaktika inspektorlari tomonidan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Shu bilan birga, 12 nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Mazkur modda 1 dan 5 bazaviy hisoblash miqdorigacha jarima qo‘llashni nazarda tutadi.