Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati bilan tanishdi. Ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 260 nafardan ziyod iqtidorli o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.
O‘quv jarayonida STEM yo‘nalishiga — matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgan. O‘quvchilar ushbu fanlarni chuqur o‘zlashtirish bilan bir qatorda, turli loyihalar ustida ishlab, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasini shakllantiradi hamda mustaqil tadqiqotlar olib boradi.
Xorijiy tillardan ingliz va xitoy tillari kuchaytirilgan tartibda o‘qitilmoqda.
Shu bilan birga, o‘quv dasturining muhim qismi ona tili, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti va milliy madaniyatni o‘rganishga ajratilgan.
Yoshlarga zamonaviy ta’lim berish, ular uchun kelajakdagi imkoniyatlar eshigini ochish bilan birga, ularda Vatan tuyg‘usi, milliy o‘zlik va madaniyatga bo‘lgan hurmatni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratish muhim.
Zamonaviy bilim va milliy qadriyatlar uyg‘unligi — ta’limdagi eng muhim yondashuvlardan biridir.