Rossiya Davlat Dumasining (parlamenti) “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi deputati Sergey Mironov Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy etish masalasini ko‘tardi.
"Umuman olganda, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy qilish mumkin, deb hisoblaymiz. Buni loaqal Belarus prinsipi bo‘yicha qilaylik. U yerda shunday tartib o‘rnatilgan: qaysidir biznesmenga xorijlik ishchi kuchi kerak bo‘lsa, birinchi navbatda, ushbu ishni belarusliklar qila olmasligini isbotlashi talab etiladi. Isbotladimi, juda yaxshi.
Shundan so‘ng erkaklar uchib kelishadi va ochiq maydonda vaqtinchalik turarjoy quriladi. Bizdagidek aholi yashaydigan punktlarda emas. Ular muayyan ishni bajarishadi, pulini olishadi va ketishadi. Hech qanday oilalarsiz", — dedi u.
Mironov so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga kirib borayotgan migrantlarning bor-yo‘g‘i 28 foizi ishlashni rejalashtirgan, qolganlari esa boshqa maqsadlarda borgan.
Shuningdek, deputat agar migrant jinoyat sodir etsa, uning qarindoshlarini ham vataniga deportasiya qilishni taklif etgan. Bundan tashqari, u Rossiyada migrantlarning iqtisodiyotning muayyan sohalarida ishlashini taqiqlash kerak deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, Mironov ba’zi aralash jang san’ati (MMA) klublarida shug‘ullanuvchilarning aksariyatini migrantlar tashkil etayotganidan xavotir bildirgan.