O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining Rossiyaga borish sur’ati pasaymoqda. Markaziy bankning "Mehnat bozori sharhi"ga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida ushbu davlatga ishlash maqsadida yo‘l olgan fuqarolar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizga kamaygan.
Xususan, yanvar–iyun oylarida Rossiyaga ishlash uchun borgan o‘zbekistonliklar 1 million 179 ming nafarni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 1 million 358 ming nafarga teng edi. 2025 yilda esa Rossiyada patent asosida faoliyat yuritgan o‘zbekistonliklar soni 1 million 495 ming nafar bo‘lgan.
Ayni paytda mehnat migrasiyasi yo‘nalishlari kengaymoqda. 2025 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga ko‘paygan.
2026 yil 1 iyul holatiga Turkiyada 70 ming, Janubiy Koreyada 102,2 ming nafar o‘zbekistonlik qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar yillik hisobda mos ravishda 9,3 va 3,3 foizga o‘sgan.
Rossiyaga mehnat migrasiyasi qisqarganiga qaramay, ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari birinchi yarim yillikda 8,8 foizga oshgan.
Markaziy bank tashqi mehnat migrasiyasidagi o‘zgarishlar kelgusida aholi daromadlari, pul o‘tkazmalari va ichki iste’molga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, 2026 yilning ikkinchi choragida mamlakatda e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni 9,8 foizga qisqargan. Ish izlovchilar faolligi yuqori saqlanib qolayotgani esa mehnat bozorida raqobat kuchayishiga olib kelmoqda.