Bugun 30 may, 2026 yil, shanba

КИР

Rossiyada muftiylar ommaviy ravishda hibsga olinmoqda

Rossiyada muftiylar ommaviy ravishda hibsga olinmoqda

Ularga pora berishdan tortib terrorizmgacha bo‘lgan ayblovlar qo‘yilmoqda

May oyida Rossiyaning turli regionlarida muftiylar hamda boshqa musulmon diniy arboblar va jamoatchilik faollari ushlanayotgani va hibsga olinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ularning ayrimlari terrorchilik moddasi bo‘yicha – “Musulmon birodarlar” tashkiloti bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda.

Mustaqil jurnalistlar va hatto Z-blogerlar ham bu ta’qiblar to‘lqinining maqsadi sifatida xavfsizlik kuchlarining Rossiya Musulmonlar idorasi va shaxsan uning rahbari muftiy Ravil Gaynutdin bilan kurashini ko‘rsatmoqda.

Qo‘lga olinganlar va hibsga olinganlar dindorlar orasida mashhur bo‘lgan, deydi siyosatshunos va islomshunos Rinat Muxametov. Masalan, moskvalik imom Ali Bardvil yoshlar orasida ko‘zga ko‘ringan voiz hisoblangan, chunki u dunyoviy tilda va’z qilishga harakat qilgan. Dinshunos Ahmad Tangiyev o‘z ona yurti Ingushetiyada nufuzli imom hisoblangan va aksilterror ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etgan. Islomshunos Muhammad Xenni “jamoatchilikka moyil targ‘ibotchi” deb atalgan.

Ekspertlar, mustaqil nashrlar va hatto hukumatga moyil Telegram-kanallar hibsga olinganlar Rossiya musulmonlari diniy idorasi va shaxsan idora rahbari, muftiy Ravil Gaynutdin bilan aloqadorligini ta’kidlamoqda. “Ozodlik radiosi” bilan suhbatda bo‘lgan siyosatshunos-islomshunos Ruslan Aysin hamda Rinat Muxametov gap Gaynutdin tuzilmalariga tizimli zarba beradigan siyosiy ta’qiblar haqida ketayotganiga amin. Ekspertlar bu kampaniya uchun kuchishlatar tuzilmalar, jumladan, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) mas’ul deb hisoblaydi.

Siyosatshunoslarning fikricha, Rossiya hukumatiga sodiqligini namoyish qilishiga qaramay, diniy idora va Gaynutdinning boshqa tuzilmalari so‘nggi vaqtlargacha Kreml siyosatidan qisman avtonomiyani saqlab qolgan. Muxametovning ta’kidlashicha, diniy idora rahbariga aloqador tuzilmalar Rossiya davlat tizimiga muvaffaqiyatli singib ketgan, bu esa hukumatga Turkiya hamda arab davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini bergan. Shu bilan birga, Gaynutdin yillar davomida Rossiyaga ishlash uchun kelgan xorijliklarni qo‘llab-quvvatlab, huquq-tartibot idoralarining harakatlarini tanqid qilgan.

Boshqa tomondan, Gaynutdin Kremlni muftiyatlarni birlashtirishga to‘sqinlik qilgani uchun tanqid qildi, masjidlarni buzishga qarshi chiqdi va masjidlar orqali xorijliklarni Rossiya jamiyatiga integrasiya qilishni taklif qildi. U “Krokus Siti Holl”dagi terakt va Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan ularga nisbatan bosim kuchayganidan keyin ham mehnat muhojirlarini himoya qilishda davom etdi. Shuningdek, yaqinda u Putinga murojaat qilib, musulmonlarga masjidlardan tashqarida diniy marosimlarni o‘tkazishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullamaslikni so‘ragandi.

Kiritildi: 22:18 29.05.2026. O'qildi: 556 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!