Ma’lum qilinishicha, g‘ayrioddiy holatga Rossiyaning Ukraina poytaxtiga qilgan raketa va dron zarbalari oqibatlari sabab bo‘lgan. Omborlar va sanoat ob’ektlariga zarbalardan so‘ng havoga katta miqdorda tutun va qurum zarrachalari ko‘tarilgan.
Dastlab bu zarrachalar atmosferaning yuqori qatlamlarida to‘plangan. Keyin esa yuqori bosimli havo oqimi ifloslanishlarni yerga yaqin qatlamlarga tushirgan. Shamol deyarli bo‘lmagani sababli tutun va qurum tarqalib ketmagan.
Meteorologlar hozircha tutunning o‘zi tuman paydo bo‘lishiga sabab bo‘lganmi yoki uni yanada kuchaytirganmi, degan masalada turli fikrda. Mutaxassislarga ko‘ra, qurum zarrachalari namlikni o‘ziga yig‘ib, tuman hosil bo‘lishini kuchaytirishi mumkin.
Rossiya zarbalari va sanoat ob’ektlarida yuzaga kelgan yong‘inlardan so‘ng Kiyevning ayrim hududlarida havoning ifloslanish darajasi salomatlik uchun xavfli ko‘rsatkichlarga yetgan. Mahalliy hokimiyat aholiga derazalarni yopish, imkon qadar uydan chiqmaslik va havo tozalagichlardan foydalanishni tavsiya qilgan.
Urush meteorologlarning havo ifloslanishini aniq prognoz qilishini ham qiyinlashtirmoqda. 2022 yildan beri Ukraina meteorologiya xizmatlari maxsus ob-havo aerostatlarini uchira olmayapti. Shu sababli atmosferaning yuqori qatlamlari haqidagi ma’lumotlar hajmi kamaygan.