O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva oilasida musibat yuz berdi. Aktrisaning onasi Go‘zal aya hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Ra’no Shodiyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar berdi.
Go‘zal aya yillar davomida eshitish imkoniyati cheklangan insonlar bilan bog‘liq tizimda faoliyat olib borgan. U juda yoshligidanoq Karlar jamiyatida ish boshlab, imo-ishora tili tarjimoni sifatida mehnat qilgan.
Keyinchalik u sohada katta tajriba to‘plab, O‘zbekiston Karlar jamiyati Markaziy boshqaruviga rahbarlik darajasigacha yetgan.
Ra’no Shodiyeva ham aynan onasi orqali imkoniyati cheklangan bolalar hayotiga yaqindan kirib kelganini avvalgi suhbatlarida eslagan edi. Dastlab bu yo‘nalishdagi tadbirlarda onasini qo‘llab-quvvatlash uchun qatnashgan aktrisa keyinchalik xayriya ishlarini o‘z hayotining muhim qismiga aylantirgan.
Shodiyevaning aytishicha, bu ezgu an’ana oilada keyingi avlodga ham o‘tgan va uning qizi ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarga befarq emas.