Rossiya Ukraina Qurolli kuchlarining Dronlar qo‘shinlari qo‘mondoni Robert "Madyar" Brovdi qayerdaligini aniqlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 20 million dollar mukofot va’da qildi.
Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya buning uchun postsovet davlatlaridagi jinoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Tahdidlar sabab Brovdi va uning qo‘l ostidagilari xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.
Robert Brovdi Ujgorodda tug‘ilgan. Urushga qadar don savdosi bilan shug‘ullangan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng u ko‘ngilli sifatida frontga borgan.
2022 yil may oyida Brovdi "Madyar qushlari" nomli dronlar bo‘linmasini tashkil qilgan. Keyinchalik bu bo‘linma 414-alohida dronlar brigadasiga aylangan. U Rossiya hududlariga amalga oshirilgan ko‘plab dronlar hujumi tashkilotchisi hisoblanadi.