Bu haqda Estoniya ichki ishlar vaziri Igor Taroga tayanib ERR telekanali xabar berdi.
"17 dekabr kuni Rossiyaning uch nafar chegarachisi Estoniya hududiga kirgan. Hodisa videokuzatuv kamerasida qayd etilgan", — dedi Taro.
Estoniya Polisiya va chegara qo‘riqlash departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik chegarachilar Narva daryosi orqali Vasknarva portiga borgan. Ushbu ob’ektning bir qismi Estoniya, bir qismi esa Rossiya hududida joylashgan. Ular qirg‘oqqa tushib, piyoda port bo‘ylab yurgan, nazorat chizig‘ini kesib o‘tgan va keyin yana ortga qaytgan.
Estoniya ichki ishlar vaziri rossiyalik chegarachilarning harakati sabablari noma’lumligini bildirdi. Tallin Moskva tomonidan tushuntirish kutayotganini ma’lum qildi. ERR xabariga ko‘ra, Estoniya TIV Rossiya elchixonasining muvaqqat ishlar bo‘yicha vakilini chaqiradi.