Rossiya, AQSH, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari yaqin bir-ikki hafta ichida texnik darajada muzokaralar o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning fikricha, Yevropa davlatlarining Ukraina mojarosini hal qilishga qaratilgan muzokaralarda bevosita ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lgan. Stubb yevropalik vakillarning muzokaralar stoli atrofida bo‘lishini diplomatik jarayondagi ijobiy o‘zgarish deb hisoblaydi.
«Menimcha, yevropaliklarning muzokaralar stoli atrofida o‘tirishi uchun haqiqiy imkoniyat mavjud», — dedi Finlyandiya rahbari.
Shu bilan birga, Stubb Yevropa vakillarining ehtimoliy uchrashuvda ishtirok etishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning qarorlariga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi.