Bugun 8 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti: Ilmiy an’analar davomiyligi va yangi taraqqiyot bosqichi

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti: Ilmiy an’analar davomiyligi va yangi taraqqiyot bosqichi

Bugungi dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi samaradorligi, ilm-fan rivoji va aholi turmush sifatini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, murakkab jarayonlarni avtomatlashtirish, aniq prognozlar ishlab chiqish va inson faoliyatini intellektual tizimlar yordamida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari barcha sohalarda yangi yondashuvlarni shakllantirmoqda. O‘zbekistonda ham raqamli transformatsiya jarayonlari izchil davom etib, sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha, ilm-fan va davlat boshqaruviga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanish, ularning sifati va ishonchliligini ta’minlash, zamonaviy ilmiy infratuzilmani shakllantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash strategik ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va sohaning ilmiy asoslarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi PQ–4996-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Mazkur institut mamlakatimizda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ilg‘or ishlanmalarni yaratish, innovasion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish hamda zamonaviy ilmiy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy markaz hisoblanadi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining shakllanish tarixi O‘zbekistonda hisoblash texnikasi, kibernetika, algoritmlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari rivojining dastlabki bosqichlari bilan chambarchas bog‘liq. Institut tarixi 1966 yil 26 aprelda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Hisoblash markazli Kibernetika institutidan boshlanadi. Bu davr mamlakatimiz ilm-fani tarixida hisoblash texnikasi, matematik modellashtirish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish va murakkab tizimlarni tadqiq etish yo‘nalishlari shakllangan muhim bosqich bo‘ldi. 1978 yilda ushbu ilmiy markaz negizida “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Birlashma tarkibida “Kibernetika”, “Algoritm” va “Sistemali tadqiqotlar” institutlari, loyiha-konstruktorlik byurolari hamda tajriba zavodlari faoliyat olib borgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatda ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Kibernetika institutida shakllangan ilmiy salohiyat, tajriba va tadqiqot yo‘nalishlari zamonaviy ehtiyojlar asosida rivojlantirildi. Ilgari matematik modellashtirish, algoritmlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga qaratilgan izlanishlar bugungi kunda sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, mashinaviy o‘rganish, kompyuterli ko‘rish, intellektual boshqaruv va raqamli platformalar yaratish kabi yangi avlod texnologiyalari bilan uyg‘unlashmoqda. Shu ma’noda, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tarixiy ilmiy merosni saqlab qolish bilan cheklanmay, uni zamonaviy texnologik taraqqiyot talablariga mos ravishda rivojlantirib kelayotgan ilmiy muassasalardan biridiryu

Bugungi kunda Institut ilmiy jamoasining faoliyati “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan. Institutning asosiy vazifalaridan biri mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun zarur bo‘lgan ilmiy asoslarni yaratishdir. Bunda sun’iy intellektni shunchaki alohida texnologiya sifatida emas, balki boshqaruv, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, ta’lim va boshqa sohalarning samaradorligini oshiruvchi kompleks vosita sifatida rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Bu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tadqiqotlar mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning texnologik va ilmiy poydevorini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Institut nazariy izlanishlar bilan amaliy ehtiyojlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga, ilmiy g‘oyalarni real sektor va ijtimoiy soha uchun foydali yechimlarga aylantirishga intilmoqda.

Institut tarkibida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, intellektual dasturiy tizimlar va ma’lumotlarni qayta ishlashning muhim yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 8 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritadi. Mazkur laboratoriyalarda tajribali olimlar, mustaqil izlanuvchilar, yosh tadqiqotchilar, dasturchilar va axborot texnologiyalari mutaxassislari hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bunday ilmiy muhit katta tajribaga ega olimlarning bilim va ko‘nikmalarini yosh avlodga yetkazish, yangi ilmiy g‘oyalarni shakllantirish va istiqbolli ishlanmalarni birgalikda rivojlantirish imkonini beradi. Laboratoriyalarda fundamental, amaliy va innovasion yo‘nalishlarda tadqiqotlar amalga oshirilib, ilmiy natijalar algoritm, matematik model, dasturiy mahsulot, axborot tizimi yoki tajriba namunasi shaklida ishlab chiqiladi. Institutning ilmiy salohiyatini 1 nafar akademik, 7 nafar fan doktori (DSc), 5 nafar falsafa doktori (PhD), shuningdek, ilmiy xodimlar va axborot texnologiyalari mutaxassislari tashkil etadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish faqat zamonaviy texnik infratuzilma yoki kuchli hisoblash vositalari bilan belgilanmaydi. Bu yo‘nalishdagi eng muhim resurs - nazariy bilimlarni amaliy masalalar bilan uyg‘unlashtira oladigan, zamonaviy algoritm va texnologiyalarni ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lgan malakali kadrlar hisoblanadi. Shu bois Institut faoliyatida ilmiy kadrlar tayyorlash ustuvor o‘rin egallaydi. Institut huzurida to‘rtta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Ushbu kengashlarda dolzarb ilmiy muammolar yuzasidan dissertatsiyalar muhokama qilinadi, ilmiy natijalar baholanadi va tadqiqotchilarning ilmiy daraja olish jarayonlari tashkil etiladi. 2021 yildan buyon Institutda 64 nafar PhD va 6 nafar DSc darajasidagi ilmiy kadr tayyorlandi. Bu natija qisqa davr ichida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishida tadqiqotchilar hamda malakali mutaxassislarning yangi avlodi shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda Institutda 46 nafar PhD va 13 nafar DSc izlanuvchisi tomonidan dolzarb ilmiy yo‘nalishlarda tadqiqot ishlari olib borildi. Ularning izlanishlari yangi algoritmlar yaratish, ma’lumotlarni qayta ishlash samaradorligini oshirish, intellektual tizimlarni ishlab chiqish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va amaliy muammolarni ilmiy asosda hal etishga yo‘naltirilgan. Institutda yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni tajribali ilmiy rahbarlar bilan hamkorlikka jalb etish, ilmiy maqolalar tayyorlash, konferensiyalarda ishtirok etish va amaliy loyihalarda tajriba orttirishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Ilmiy tadqiqotlarning natijadorligi, avvalo, ularning ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olinishi, nufuzli nashrlarda e’lon qilinishi va xalqaro ilmiy muloqotga kirib borishi bilan belgilanadi. Institut xodimlari va izlanuvchilarining ilmiy ishlari Scopus va WEB of Science kabi xalqaro ilmiy bazalarda indekslangan nufuzli ilmiy jurnallarda muntazam ravishda e’lon qilinmoqda. Ushbu maqolalarda sun’iy intellekt, matematik modellashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish, intellektual boshqaruv tizimlari, raqamli texnologiyalar va dasturiy muhandislikning dolzarb masalalari yoritiladi. Bunday ilmiy faoliyat O‘zbekiston olimlarining xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi ishtirokini kengaytirish, mahalliy ilmiy natijalarni dunyo miqyosida namoyish etish va xorijiy tadqiqotchilar bilan professional aloqalarni rivojlantirish imkonini bermoqda. 2025 yil natijalariga ko‘ra Institut olimlari tomonidan xalqaro jurnallarda 35 ta ilmiy maqola chop etildi. Xalqaro konferensiyalarda 48 ta ma’ruza bilan ishtirok etildi. Bundan tashqari, respublika ilmiy jurnallarida 81 ta maqola, respublika konferensiyalarida esa 37 ta ma’ruza materiali nashr qilindi. Mazkur ko‘rsatkichlar Institut ilmiy jamoasining izchil va sermahsul faoliyat olib borayotganini, tadqiqot natijalari mamlakatimiz va xalqaro ilmiy maydonda munosib o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy ishlanmalarning amaliy samaradorligiga alohida e’tibor qaratiladi. Bugunga qadar Institutda 3 ta fundamental, 17 ta amaliy va 3 ta innovasion, jami 23 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilgan. Fundamental loyihalar yangi ilmiy bilim, model va metodlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, amaliy hamda innovasion loyihalar ilmiy natijalarni muayyan sohalarda foydalanish mumkin bo‘lgan texnologik yechim va dasturiy mahsulotlarga aylantirishga xizmat qildi. Ushbu loyihalar doirasida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, kompyuterli ko‘rish, ekologik monitoring va boshqa sohalarga oid intellektual yechimlar ishlab chiqildi. Jumladan, Re.Cardio, Gerbariy, Dvisio AT va Ziyrak kabi dasturiy mahsulotlar Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarning amaliy natijadorligini namoyon etadi. Mazkur ishlanmalar turli yo‘nalishlardagi ma’lumotlarni qayta ishlash, obektlarni aniqlash, holatlarni baholash, jarayonlarni raqamlashtirish va qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ularning yaratilishi ilmiy g‘oyaning dastlabki konsepsiyadan algoritm, dasturiy yechim va amaliy mahsulotgacha bo‘lgan murakkab rivojlanish yo‘lini aks ettiradi. Institut 2025–2026 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish dasturida ham faol ishtirok etmoqda. Dastur doirasida raqamli tibbiyot, ekologik monitoring hamda sun’iy intellekt sohasidagi professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yangi yo‘nalishlar, texnologik standartlar va tadqiqot metodlari muntazam yangilanib borayotgan sharoitda xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Institut yetakchi xorijiy ilmiy va innovasion tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiya va seminarlarda ishtirok etish, olimlar hamda yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashinuvini tashkil etishga ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro hamkorlik Institut olimlariga ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi tadqiqot metodlarini o‘zlashtirish va mahalliy ilmiy ishlanmalarni xalqaro talablar asosida rivojlantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yaratilayotgan ilmiy natija va texnologik yechimlarni xorijiy ilmiy doiralarga taqdim etish uchun yangi maydonlarni ochadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir sharoitda yetakchi ilmiy tashkilotlardan doimiy yangilanish, yuqori hisoblash quvvatlari, sifatli ma’lumotlar, zamonaviy laboratoriyalar va kuchli ilmiy kadrlar talab etiladi. Shu munosabat bilan Institutning kelgusidagi faoliyati ilmiy salohiyatni yanada oshirish, tadqiqotlarning sifati va amaliy samaradorligini kuchaytirishga qaratiladi. Avvalo, mahalliy va xorijiy yetuk olimlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, tajribali mutaxassislar ishtirokida yangi ilmiy maktab va tadqiqot guruhlarini shakllantirish rejalashtirilgan. Bu Institutning ilmiy nufuzini oshirish bilan birga, yosh tadqiqotchilarning xalqaro tajribadan foydalanishi uchun ham muhim imkoniyat yaratadi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, davlat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va xususiy sektor bilan hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bunday hamkorlik istiqbolli tadqiqot mavzularini real ehtiyojlar asosida belgilash, ilmiy ishlanmalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish va ularni keng miqyosda joriy etishga xizmat qiladi.

Institut tomonidan har yili muntazam ravishda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etib kelinadi. Mazkur anjumanlar mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari hamda yosh izlanuvchilarni yagona ilmiy maydonda birlashtiradi. Joriy yilning 15-16 aprel kunlari Poytaxtimizda joylashgan School 21 raqamli texbnologiyalar maktabi bilan hamkorlikda "Kibernetika - zamonaviy sun’iy intellekt poydevori" nomli konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyalar doirasida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, mashinaviy o‘qitish, katta ma’lumotlar tahlili va zamonaviy axborot tizimlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, ilg‘or tajribalar almashildi hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi. Ushbu an’anaviy tadbirlar institutning xalqaro ilmiy aloqalarini mustahkamlash, milliy tadqiqotlar nufuzini oshirish va istiqbolli ilmiy g‘oyalarni amaliyotga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar va yuqori hisoblash quvvatlari bilan jihozlash ham ustuvor vazifalardan biridir. Sun’iy intellekt modellari va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash katta hisoblash resurslarini talab etadi. Shu bois yuqori unumdor serverlar, ma’lumotlarni saqlash tizimlari va zamonaviy dasturiy platformalarning mavjudligi ilmiy tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqadi. Bundan tashqari, ilmiy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, tadqiqot natijalarini tizimli saqlash, ochiq ilmiy muloqotni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni baholashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish ham Institut taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Bugungi kunda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti boy tarixiy meros, mustahkam ilmiy an’analar va zamonaviy texnologik yondashuvlarni o‘zida birlashtirgan ilmiy markaz sifatida faoliyat olib bormoqda. Institut o‘zining tarixiy ildizlariga tayangan holda, yangi davrning eng muhim texnologiyalaridan biri - sun’iy intellektni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Otabek Usmon

Kiritildi: 17:59 07.08.2026. O'qildi: 325 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!