Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Qirg‘izistonda Ramazon oyi 18 fevral kuni boshlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Laylatul Qadr (Qadr kechasi) 16 martdan 17 martga o‘tar kechasi bo‘lishi kutilmoqda. An’anaga ko‘ra, u Ramazon oyining 27-kechasiga to‘g‘ri keladi.
Shundan kelib chiqib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Ramazon hayiti 20 mart kuni nishonlanadi. Bu kunda musulmonlar Hayit namozini ado etadi.
Ma’lumki, Ramazon oyining boshlanishi va tugashi Hijriy yil hisobi asosida belgilanadi. Boshqarmaga ko‘ra, sanalar yangi oy ko‘rinishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Ushbu kun xalqaro astronomik markazlar ma’lumotlariga asoslanib belgilangan bo‘lsa-da, yangi oy chiqishi sababli ba’zan sanalar bir kun oldinga yoki orqaga siljishi ehtimoli mavjud.
Ma’lumot uchun, Ramazon – bu ruhiy poklanish, ro‘za, ibodat va xayr-ehson oyidir. Bu davrda musulmonlar ma’naviy hayotga e’tibor qaratib, yaxshilik qilishga, o‘z amallarini anglashga intiladi. Oyning davomiyligi oy taqvimiga ko‘ra, 29-30 kunni tashkil etadi va u Ramazon hayiti bilan yakunlanadi.