«Qo‘rqma» romani bilan tanilgan yozuvchi Javlon Jovliyevga Toshkent shahridan ikki xonali xonadon ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yoshlar va faollar bilan uchrashuv chog‘ida shunday topshiriq berdi.
Davlat rahbari yozuvchining ijodiy faoliyatini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, respublika «Kitobxon oila» tanlovida sovrindor bo‘lgan oila ham poytaxtdan ikki xonali uy bilan taqdirlanishi ma’lum qilindi.
Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» romani sovet davrida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan, keyinchalik siyosiy qatag‘on qurboniga aylangan o‘zbekistonlik yoshlar taqdiriga bag‘ishlangan.
Uchrashuv davomida Prezident o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva xotirasini yodga oldi.
Shavkat Mirziyoyev ona tili va adabiyotga ehtirom ko‘rsatish milliy o‘zlikni anglashning muhim qismi ekanini ta’kidlab, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish ahamiyatiga to‘xtaldi.