Bugun 2 may, 2025 yil, juma

КИР

Qashqadaryoda yana bir qishloq turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda

Qashqadaryoda yana bir qishloq turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi “Bashir” qishlog‘i turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda. “Hazrati Bashir” ziyoratgohi aynan shu qishloqda joylashgan. Ziyoratgoh nomi shu joyda yashab o‘tgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) nomi bilan bog‘liq.

Qayd etish lozimki, 2022 yilga “Hazrati Bashir” ziyoratgohiga 400 000 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy turist tashrif buyurgan. Ushbu maskan nafaqat betakror tabiati, balki o‘ziga xos tarixi bilan ham e’tibor jalb qilib keladi.

Turli manbalarga ko‘ra, Hazrati Sulton Said Ahmad Bashirning otalari Xo‘ja Hasan - 90 yoshda, onalari Bibi Malohat 80 yoshda bo‘lishlariga qaramay, ularning farzandi bo‘lmagan. Kunlarning birida shu tarafga yo‘li tushgan Amir Temurning piri Said Barakaning ukasi Said Ne’matulloh ularning haqiga duo qiladi. Ko‘p o‘tmay duo ijobat bo‘lib, Hazrati Bashir dunyoga keladi. Biroq keksayib qolgan onadan sut kelmaydi. Chaqaloqni atrofdagilar «Beshir» (sutsiz) deb atay boshlashadi. Allohning mo‘’jizasi bilan ularning hovlisidagi katta chinor ostida chashma paydo bo‘lib, undan bola emizikli yoshdan o‘tguncha sut oqadi. Bu chashma hanuzgacha saratonda ham muzdek, tip-tiniq suvi va shifobaxshligi bilan mashhur. Ta’kidlash kerakki, ziyoratgohga kelayotgan aksariyat turistlar, albatta, bu suvdan ichib, o‘zlari bilan ham olib ketishadi.

Hazrati Bashir qishloqdagi Niyoztepada dafn etilgan. El orasida "Hazrati Bashir qabri oldidagi archa daraxti u kishining hassasi bo‘lgan", degan rivoyat yuradi. Aytishlaricha, Hazrati Bashir ota hassasini uloqtirib, “Qayerga borib tushsa, o‘sha joy mening qabrim bo‘ladi”, degan ekanlar. Hassa yo‘g‘on tomoni bilan yerga qadalib qoladi. Shuning uchun boshqa daraxtlardan farqli ravishda uning past tomoni ingichka, yuqori tomoni yo‘g‘ondir. Bu tilsimot ham, albatta, turistlarni befarq qoldirmaydi.

“Hazrati Bashir” qishlog‘i Qashqadaryo daryosi bo‘yida joylashgan. Baland-baland chinorlar qishloqqa ko‘rk berib turadi. Hudud tog‘ bilan ham tutashib ketgan. Shuning uchun bu yerda yoz oylari yurtimizning turli viloyatlari va xorijiy mamlakatlardan sayohatchilar kelishadi. Ular Hazrati Bashir otani ziyorat qilish bilan birga daryo bo‘yida dam olishadi. Qishloqda ziyorat turizmi, ekoturizm va agroturizm rivojlangan.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda qishloqqa tashrif buyuradigan sayyohlar sonini 700 mingga yetkazish va qishloqni turizm qishlog‘iga aylantirish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda qishloqda 20 dan ziyod oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun hududda ko‘proq qolish hamda mahalliy xalq turmush arzi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. So‘lim tabiat, musaffo tog‘ havosi, shifobaxsh chashma, mehmondo‘st qishloq odamlari, ekologik toza mevalar, xushxo‘r taomlar va qalblarga sokinlik bag‘ishlovchi ziyoratgoh sayyohlarni o‘ziga jalb qilishi shubhasiz.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryodagi "Varganza" qishlog‘i viloyatdagi birinchi agroturizm qishlog‘i hisoblanadi. Bu yerda 2019 yilda birinchi marta "Anor" xalqaro agroturizm festivali bo‘lib o‘tgan va qishloqqa agroturizm qishlog‘i maqomi berilgan.

Kiritildi: 18:21 13.01.2023. O'qildi: 3354 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!