Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Putinga qarshi chiqishga jur’at qilgan yagona amaldor

Putinga qarshi chiqishga jur’at qilgan yagona amaldor

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlagan 2022 yilning fevral oyida prezident Vladimir Putinning bosqin rejasini Kremldagi barcha mansabdorlar ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlamagan. The New York Times gazetasi surishtiruvlari ana shundan dalolat beradi.

Nashrning yozishicha, Rossiya prezidenti administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozak urushning ilk kunlarida Putinning Ukrainadan taslim bo‘lishni talab qilishga oid buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgan. Buning uchun qamoq yoki otuv jazosiga tayyor ekanini aytgan.

The New York Times manbalariga ko‘ra, Dmitriy Kozak Ukrainaga bosqin arafasida Putin uchun urushning salbiy oqibatlari haqida maxsus ma’lumotnoma taqdim etgan. Unda Ukrainaga hujum Shvesiya va Finlyandiyani NATOga a’zolikka majbur qilishi ham qayd etilgan. Bu taxmin keyinchalik o‘z tasdig‘ini topdi.

2022 yil 21 fevral kuni, ya’ni urush boshlanishidan uch kun avval Rossiya Federasiyasi Xavfsizlik kengashining yopiq majlisida ham Kozak Ukraina rus harbiylariga qat’iy qarshilik ko‘rsatishi, urush ortidan joriy etiladigan sanksiyalar mamlakatni nomaqbul geosiyosiy holatga keltirishidan ogohlantirgan.

AQSh nashri yozishicha, urush boshlanganidan keyin Dmitriy Kozak Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bilan telefon orqali suhbatda ziddiyatni muzokara yo‘li bilan hal etishini aytgan.

2022 yil 25 fevral kuni Putin Kozak bilan muloqotda uni keskin tanqid qilgan va a’yonidan Kiyev hukumatini to‘la-to‘kis taslim bo‘lishga ko‘ndirishni talab qilgan. O‘sha pallada Kozak davlat rahbari buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgan va bu qarori uchun jazoga tayyor ekanini bildirgan.

Pirovardida prezident devoni rahbarining muovini Dmitriy Kozak Ukrainaga taslim bo‘lish talabini ilgari surishga rozi bo‘lgan va Kreml talabini Kiyev hukumatiga yetkazgan. Ammo Kiyev bu talabni rad etgan.

Bir necha kun o‘tib Dmitriy Kozak Ukraina bilan muzokaradan chetlatilgan va bu vazifa Vladimir Medinskiyga topshirilgan.

Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga qaramay, Kozak prezident administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlashda davom etgan.

The New York Times gazetasiga ko‘ra, bir muddat keyin Putin Kozakka Rossiyada iqtisodiy iqlimni yaxshilash bo‘yicha taklif hozirlashni topshirgan. Mamlakatda liberallashuvga qaratilgan islohotlarni taklif qilgan amaldor Ukraina bilan urushni to‘xtatish va muzokara o‘tkazishni yana bir karra eslatgan.

Kozak joriy yil 18 sentyabr kuni Rossiya prezidenti administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.

Jurnalistlar 67 yoshli Dmitriy Kozakni Putin tegrasidagi yuqori martabali amaldorlar orasida urushga qarshi ekanini prezidentga ochiq aytgan yagona mansabdor deb atamoqda. G‘arb matbuoti Kozakning urushga qarshi pozisiyasini Putinning temir qobig‘ida hosil bo‘lgan darz deb baholamoqda.

Dmitriy Kozak Putinning yaqin amaldorlari sirasiga kiradi. U o‘n yillar mobaynida Putin jamoasida faoliyat yuritgan. Jumladan, Rossiya mintaqaviy taraqqiyot vaziri, Rossiya prezidentining Janubiy federal okrugdagi maxsus vakili kabi lavozimlarda ishlagan.

Yopiq majlislardagi e’tirozlarga qaramay, Kozak Ukraina urushini oshkora ravishda, OAV orqali qoralamagan. U The New York Timesning intervyu berish so‘rovini ham rad etgan. Ushbu jihat hamda Putin bilan ko‘p yillik qadrdonlik unga nisbatan jazo qo‘llanmaganini izohlaydi.

Manbalarga ko‘ra, u hozir ham Moskada yashaydi, ammo davolanish uchun Isroil, shuningdek, Turkiya va BAA kabi davlatlarga emin-erkin borib kelmoqda.

Dmitriy Kozak RF prezidenti administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgani ma’lum.

Kiritildi: Bugun 13:34. O'qildi: 1436 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!