Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi energetika va suv ta’minoti infratuzilmasiga qarshi yangi, keng ko‘lamli hujumlarga tayyorlanayotgani haqida The New York Times xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Kiyev, Odessa va Xarkov kabi yirik shaharlarning elektr energiyasi, issiqlik va suv ta’minotini jiddiy izdan chiqarishni rejalashtirmoqda. Hujumlar issiqlik elektr stansiyalari, nasos stansiyalari va qozonxonalardan tashqari, atom elektr stansiyalarini umumiy elektr tarmog‘iga ulab turuvchi infratuzilmaga ham qaratilishi mumkin.
The New York Times yozishicha, Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal ikki hafta avval Parijda Yevropa ittifoqchilariga Rossiyaning ehtimoliy hujum rejasi aks etgan hujjatni taqdim etgan. Taxminlarga ko‘ra, mazkur hujjat Ukraina tomoni tomonidan qo‘lga kiritilgan. Uning nusxasi The New York Times ixtiyoriga ham kelib tushgan.
Nashrga ko‘ra, o‘tgan qishda ko‘plab ukrainaliklar kuniga 12 soatdan ortiq vaqt elektr energiyasiz qolgan. Elektr ta’minotidagi uzilishlar, isitish tizimidagi muammolar, sovuq xonadonlar va suv tanqisligi aholining kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ukraina elektr stansiyalarini ta’mirlash, yangi energetika ob’ektlarini qurish va muhim tarmoqlarni himoya qilish uchun yuzlab million yevro sarflagan. Biroq mamlakatda havo mudofaasi raketalari yetishmasligi va yangi turdagi reaktiv dronlarga qarshi himoya imkoniyatlari cheklangani qayd etilmoqda.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy hujum rejasida Rossiya bir vaqtning o‘zida mingtagacha raketa, dron va aviabombalardan foydalanishi mumkin.
Ukraina rasmiylari esa mamlakatda suv ta’minoti keng ko‘lamda uzilib qolgan taqdirda foydalanish mumkin bo‘lgan zaxira imkoniyatlar yetarli emasligidan xavotir bildirmoqda.