Polsha NATOning Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olish dasturiga hissa qo‘shishni davom ettirmaydi. Bu haqda Polsha bosh vaziri Donald Tusk jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Men NATO bosh kotibi Mark Ryuttega biz hozircha PURL dasturiga – Yevropa pullariga Ukraina uchun Amerika qurollari xarid qilish – badal kiritmasligimizni aytdim”, - dedi Tusk matbuot anjumanida.
Polsha bosh vaziri bu qarorini yuqori byudjet taqchilligi va mamlakat mudofaasiga sarflanayotgan xarajatlar bilan izohladi.
Ukraina uchun Amerika qurollarini Yevropa pullari evaziga xarid qilish tashabbusi AQSh ma’muriyati Kiyev rejimiga qurol-yarog‘larni bepul yetkazib berishni davom ettirishdan bosh tortganidan keyin paydo bo‘lgan.
Moskva G‘arbning Ukraina rejimiga qurol yetkazib berishi mojaroni cho‘zishini bir necha bor ta’kidlagan va qurol ortilgan har qanday transport Rossiya armiyasining qonuniy nishoniga aylanishidan ogohlantirgan.