Ma’lumki, oramizda ko‘pchilik pensiya va nafaqa tushunchalarini bir ma’noli deb hisoblaydi. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar pensioner va nafaqaxo‘r tushunchalarini sinonim sifatida noo‘rin ishlatishadi.
Xo‘sh, pensiya va nafaqa— bu ikki tushuncha bir-biridan qanday farq qiladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Javohir Eshonqulov bu borada quyidagicha tushuncha berdi.
–O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, ularning tartibi quyidagicha belgilangan.
Xususan, pensiya — yetarlicha ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar va ularning oilalariga tayinlanadi. Nafaqa esa ish stajiga ega bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tayinlanadi.
Shu o‘rinda davlat pensiyalari turlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yoshga doir pensiya – bu belgilangan yoshga yetgan fuqarolarga mehnat faoliyatini tugatgandan so‘ng davlat tomonidan beriladigan pul to‘lovi hisoblanadi. Nogironlik pensiyasi – nogiron deb topilgan fuqarolarga beriladi. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – oilada asosiy daromad manbai bo‘lgan shaxs vafot etgan taqdirda tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.
Davlat nafaqa turlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi beriladi. Parvarishlash nafaqasi nogiron yoki kasalligi sababli ishlay olmaydigan shaxslarni parvarish qilayotganlarga beriladi.
Shuningdek, nogironlik nafaqasi qonun doirasida nogiron deb topilgan shaxslarga tayinlanadi. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga beriladi. Yoshga doir nafaqa pensiya olish uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi. Ishdan bo‘shatish nafaqasi ishsiz qolgan shaxslarga ajratiladi. Kam ta’minlangan oilalarga nafaqa esa daromadi kam bo‘lgan oilalarga beriladi.