Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga tashrifi masalasi hozircha muhokama qilinmayapti. Shuningdek, ikki yetakchining Turkmanistonda alohida uchrashuv o‘tkazishi ham rejalashtirilmagan. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
"Pashinyan prezidentimiz bilan uchrashish uchun Moskvaga yoki boshqa bir shaharga borishni rejalashtirayotgani yaxshi ma’lum. Ammo hozircha aniq kelishuvlarga erishilmagan. Ochig‘ini aytganda, bu masala bo‘yicha hali diplomatik aloqalar ham bo‘lmagan", — dedi Ushakov Interfaks agentligining Pashinyanning Moskvaga ehtimoliy tashrifi haqidagi savoliga javoban.
Rossiya prezidenti yordamchisining ta’kidlashicha, Turkmanistonda o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida ham Putin va Pashinyan o‘rtasida alohida uchrashuv rejalashtirilmagan.