Bugun 6 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston TIV Latviya IIV bayonotiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston TIV Latviya IIV bayonotiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Gazeta’ga Latviya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklash taklifiga munosabat bildirdi.

Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava bu masalani 29 sentyabr kuni Vazirlar mahkamasi majlisida ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Uning aytishicha, bir necha nafar O‘zbekiston fuqarosi Latviyaga kelganidan ko‘p o‘tmay, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etgan. «Shuning uchun biz chora ko‘rishimiz shart», — degan u.

Vazir O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga to‘xtatib turishni va bu vaqtdan O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish uchun foydalanishni taklif qilgan. Bu Latviyaga jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarning kirib kelish ehtimolini istisno qilishga qaratilgan.

Avvalroq Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining faqat ayrim toifalaridan viza olish uchun arizalar qabul qilishni taklif qilgandi. Bular — Latviya fuqarolarining oila a’zolari yoki ushbu mamlakatda yashash huquqiga ega O‘zbekiston fuqarolarining yaqinlari, Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi yoki Shveysariya fuqarolarining oila a’zolari, gumanitar sabablarga ko‘ra Latviyaga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari, yuk va yo‘lovchi tashish kompaniyalarida ishlaydiganlar va boshqalar.

O‘zbekiston TIVining bayonoti

Omonulla Fayziyevning aytishicha, viza berishni cheklash rejalari haqidagi xabarlar tarqalishi bilanoq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi diplomatik choralar ko‘rishni boshlagan.

«Mamlakatimizning Rigadagi elchixonasi tomonidan Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident administrasiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan ham muloqotlar olib bordi», — dedi vazirlik matbuot kotibi.

«Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozisiyasi yetkazildi. Ko‘rilgan [diplomatik] choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi», — dedi u.

«O‘zbekiston Latviya bilan shakllangan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Latviya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, migrasiya va boshqa sohalardagi aloqalarimiz izchil rivojlanmoqda», — dedi Omonulla Fayziyev.

Shu bilan birga, u O‘zbekiston TIVi xorijda bo‘lgan yoki chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni «tegishli mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilishga, uning milliy urf-odat va an’analarini hurmat qilishga, o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga» chaqirishini ta’kidladi.

«Ayrim shaxslar sodir etadigan huquqbuzarliklar nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa vatandoshlarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi TIV vakili.

Kiritildi: Bugun 05:30. O'qildi: 1070 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!