Ma’lum qilinishicha, amaliyot Ozarboyjon Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan kontrrazvedka tadbirlari doirasida amalga oshirilgan. Terror rejalari doirasida bir nechta muhim ob’ektlar, jumladan Boku-Tbilisi-Jeyhan neft quvuri, Isroil elchixonasi, yahudiy jamoasi rahbarlaridan biri hamda Ashkenaziy sinagogasi nishonga olinishi rejalashtirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi moddalar Eron fuqarolari tomonidan mahalliy sheriklar yordamida mamlakatga yashirin olib kirilgan. Bokuning Saboil tumanidagi Shixov hududi yaqinidan 7,7 kilogrammdan ortiq S-4 portlovchi modda topilgan. Shuningdek, Qoradog‘ tumanida masofadan boshqariladigan portlovchi qurilma ham aniqlangan. Amaliyot natijasida bir nechta gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.
Ozarboyjon rasmiylari bu operasiya ortida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador shaxslar turganini bildirgan. Ulardan biri — polkovnik Ali Asg‘ar Bordbar Sheramiy asosiy tashkilotchilardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. Bir nechta eronliklar xalqaro qidiruvga berilgan.
Bu xabar Eronning Ozarboyjonga dronlar bilan hujum uyushtirgani ortidan yangradi. Hujum oqibatida to‘rt nafar tinch aholi jabrlanib, Naxichevon xalqaro aeroporti va yaqin atrofdagi maktabga zarar yetgan. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev buni terrorchilik harakati deb baholab, mamlakatga qarshi har qanday yangi hujum “temir musht” bilan javob qaytarilishini ta’kidlagandi.