Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan vaqtincha vasiy bo‘lgan ayol tomonidan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati sodir etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 21 aprel kuni viloyatning Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. vaqtincha vasiyligida bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar B.D. (2019 yilda tug‘ilgan) va B.M. (2017 yilda tug‘ilgan)ning hozirda xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida turli shakldagi tazyiq o‘tkazib, bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etib, buni videoga olgan.
Qayd etilishicha, ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili joyiga chiqqan tarzda holatni o‘rganib, bolalarni himoyalash yuzasidan zaruriy tezkor choralarni ko‘rgan.
Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylikdan chetlatilgan. Bolalarga yetkazilgan tan jarohati darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiyot ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani mintaqaviy vakili tomonidan voyaga yetmagan qizlarning ruhiy barqarorligini ta’minlash maqsadida psixolog jalb qilingan. Qizlar tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan hamda yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotiga rasmiylashtirilib, bolalarning xavfsiz oilaviy muhitga va ta’lim olishga bo‘lgan huquqlari tiklangan.
Bildirilishicha, ayni paytda xorijdagi qonuniy vakil — bolalarning onasining o‘z majburiyatlarini bajarishi darajasi o‘rganilmoqda.
«Bolalar ombudsmani mazkur vaziyatda bola manfaatlarini ta’minlash nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettiradi», deyiladi xabarda.