Putin Tramp bilan telefon muloqotida G‘alaba bayrami munosabati bilan sulh e’lon qilishni taklif qildi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning Vladimir Putin hamda Donald Tramp o‘rtasidagi telefon muloqotiga doir boshqa bayonotlari:
◾️ Vladimir Putin ham, Donald Tramp ham yevropaliklar tomonidan gijgijlanayotgan va ularning qo‘llovi bilan mojaroni cho‘zish yo‘lini tutayotgan Zelenskiy boshchiligidagi “Kiyev rejimi”ning xatti-harakatlariga o‘xshash baho berishdi;
◾️ Rossiya Ukrainadagi tinchlik muzokaralar jarayoni natijasi bo‘lishini afzal ko‘radi, buning uchun esa Zelenskiy bir necha bor, jumladan, AQSh tomoni orqali ham bayon qilingan ma’lum takliflarga ijobiy javob berishi kerak;
◾️ Putin Trampga uyushtirilgan suiqasdni qoraladi;
◾️ Rossiya prezidenti AQSh yetakchisiga fuqarolik ob’ektlariga Ukraina tomonidan hujum qilishda qo‘llanilayotgan terrorchilik usullari haqida so‘zlab berdi;
◾️ Putin Rossiya qo‘shinlari Ukrainada tashabbusni ushlab turgani va raqibni pozisiyalaridan siqib chiqarayotganini bildirdi;
◾️ Prezidentlar Eron atrofidagi vaziyatni ham muhokama qildilar. Putin AQShning Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyot o‘tkazish variantini xavfli deb atadi;
◾️ Putinning fikricha, agar AQSh va Isroil Yaqin Sharqda yana kuch ishlatish harakatlariga o‘tsa, bu o‘ta ayanchli oqibatlarga olib keladi;
◾️ Rossiya prezidenti Trampning Eronga nisbatan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish haqidagi qarorini to‘g‘ri deb hisoblashini bildirdi.