O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida hudud energetika salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim voqea — Oqsuv daryosida «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan barpo etilgan umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta yangi gidroelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur investisiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 avgustdagi 497-son qarori hamda Prezidentning 2026 yil 1 maydagi «Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-163-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi. Oqsuv daryosining gidroenergetika salohiyatidan oqilona foydalanish asosida barpo etilgan mazkur ob’ektlar hududning energetik infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi gidroenergetika majmuasi tarkibidan quvvati 6,2 MVt bo‘lgan Rabot GES, 7,5 MVt quvvatga ega Chappasuy GES hamda 10,3 MVt quvvatli Tamshush GES o‘rin olgan. Jami 24 MVt quvvatga ega ushbu stansiyalar kaskadi daryo suvining tabiiy energiyasini elektr energiyasiga aylantirish orqali mamlakatimiz energetika tizimiga qo‘shimcha quvvat kiritadi. Uchta GESning ishga tushirilishi, ayniqsa, mahalliy gidroenergetika imkoniyatlarini to‘liq ishga solish va energiya ishlab chiqarish manbalarini diversifikasiya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyihaning iqtisodiy va ekologik samaradorligi ham salmoqlidir. GESlar kaskadida yiliga o‘rtacha 105,1 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Natijada yiliga qariyb 31,5 million kub metr tabiiy gaz hamda 45–50 ming tonna ko‘mir resurslarini tejash imkoniyati yaratiladi. Bu esa an’anaviy yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.
Eng muhimi, Oqsuv daryosida barpo etilgan yangi GESlar yiliga qariyb 44 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu kabi loyihalar aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, hududlarning energetik barqarorligini mustahkamlash hamda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.