Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) AQSh terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga qo‘llangan diskvalifikasiyani bekor qildi. Bu qaror jahon chempionati 1/8 final bahsidan oldin, tashkilot prezidenti Janni Infantinoga Oq uydan qo‘ng‘iroq bo‘lganidan so‘ng qabul qilingani xabar qilinmoqda.
Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Bundan avval The Athletic nashri FIFA intizom qo‘mitasi Balogunga nisbatan diskvalifikasiyani vaqtincha to‘xtatib, unga Belgiyaga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda maydonga tushishga ruxsat berganini yozgan edi. Keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp FIFAga hujumchiga berilgan qizil kartochkani bekor qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
- Oq uy to‘g‘ridan-to‘g‘ri FIFAga qo‘ng‘iroq qilib, Janni Infantinoni Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochkani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Futbol tashkiloti esa qaror o‘zining mustaqil qo‘mitasi xulosalariga asoslanganini ta’kidlamoqda. FIFAdagi manbalarga ko‘ra, intizom kodeksida belgilangan vakolatlar va qo‘mitaning mustaqil maqomi tufayli Oq uyning aralashuvi qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmagan, — deya keltiradi jurnalist o‘z manbalarini.
25 yoshli Balogun 2023 yil yozidan beri Fransiya chempionatida ishtirok etuvchi “Monako” klubi sharafini himoya qiladi. Jahon chempionatida u 3 o‘yinda 3 ta gol urdi va hozircha AQSh terma jamoasining eng samarali o‘yinchisi hisoblanadi.
AQSh va Belgiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Moskva vaqti bilan 7 iyulga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. G‘olib jamoa chorak finalda Ispaniya va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi juftlikda zafar quchgan raqib bilan to‘qnash keladi.
Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika hududida o‘tkazilmoqda. Musobaqa 19 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni — Argentina terma jamoasi.