Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan "Oydin dehqon bozori"da yirik yong‘in sodir bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 30 avgust kuni soat 05:18 da Olmaliq shahrining "Hamza" MFY hududida joylashgan bozorda yong‘in yuz berayotgani haqida xabar kelib tushgan.
"Xabarga asosan, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘in qurshab olingan va soat 07:12 da to‘liq o‘chirilgan", — deyiladi FVV bayonotida.
Vazirlik ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar haqida hozircha ma’lumot kelib tushmagan.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.