Olimlar koinot fizikasidagi eng katta jumboqlardan biri — qorong‘i materiyani aniqlash yo‘lida juda qiziq natijaga duch kelishdi.
AQShning Janubiy Dakota shtatida qariyb bir mil chuqurlikda joylashgan LUX-ZEPLIN (LZ) detektori tadqiqotchilar hozircha oddiy fon jarayonlari bilan ishonchli tushuntira olmayotgan zarracha o‘zaro ta’sirini qayd etdi. Eng qizig‘i, hodisa aynan qorong‘i materiya signali paydo bo‘lishi kutilgan diapazonda kuzatilgan.
LZ — 39 ta ilmiy muassasadan 250 nafar olim va muhandis ishtirok etayotgan yirik xalqaro tajriba. Uning asosiy qismida 10 tonna o‘ta toza suyuq ksenon mavjud bo‘lib, qurilma qorong‘i materiyaning ehtimoliy zarrachalarini aniqlash uchun mo‘ljallangan.
Biroq olimlar hozircha "qorong‘i materiya topildi" deb e’lon qilmayapti. Sababi qayd etilgan hodisa bor-yo‘g‘i bitta va kashfiyotni tasdiqlash uchun ancha ko‘p ma’lumot talab etiladi. Shunga qaramay, tadqiqotchilar bu LZ hozirgacha aniqlagan eng qiziq ehtimoliy signal ekanini bildirmoqda.
Qorong‘i materiyani bevosita aniqlash zamonaviy fizikada tarixiy kashfiyot bo‘lar edi. U ko‘rinmaydi, ammo galaktikalar harakati va boshqa gravitasion ta’sirlar orqali mavjudligi haqida kuchli dalillar bor. Endi olimlar keyingi kuzatuvlarda shunga o‘xshash hodisalar yana qayd etiladimi-yo‘qmi, shuni tekshiradi.