Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul qizamiq kasalligi tarqalayotgani sababli shtatda favqulodda holat e’lon qildi. Yil boshidan 3 oktyabrga qadar shtatda 108 ta qizamiq holati qayd etilgan.
Shundan 92 tasi 15 iyuldan keyin emlash darajasi past bo‘lgan qishloq hududlarida, 18 ta okrugda aniqlangan. Nyu-York shahrida 7 ta, shtatning boshqa hududlarida esa 101 ta holat qayd etilgan.
Favqulodda tartib tibbiyot muassasalari va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilardan qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi MMR vaksinasi bilan emlanganlarning barcha dozalari haqida 72 soat ichida shtat yoki Nyu-York shahrining emlash reestrlariga ma’lumot kiritishni talab qiladi.
Shuningdek, qizamiqqa qarshi emlash huquqiga ega tibbiyot xodimlari doirasi kengaytirildi. 15 iyuldan buyon shtatning qishloq hududlarida MMR vaksinasining 1000 dan ortiq dozasi qo‘llangan.
Qo‘shni Pensilvaniya shtatida ham qizamiq tarqalishi kuchaygan. 2 oktyabr holatiga ko‘ra, u yerda 977 ta holat va 5 ta o‘lim qayd etilgan. Keyinchalik kasallanganlar soni 1000 nafardan oshgani xabar qilindi.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 1991 yildan buyon qizamiq tarqalishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich kuzatilmoqda — qariyb 3900 ta holat qayd etilgan.
Nyu-Yorkdagi favqulodda holat rejimi 4 noyabrga qadar amal qiladi.