Rossiyada o‘latga qarshi kurashish instituti xodimi vafot etganidan so‘ng Irkutsk viloyatidagi shifoxonalarda karantin joriy etildi. Bu haqda “Lyudi Baykala” nashriga tayanib Deutsche Welle xabar berdi.
Rasmiylar marhumada “kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar aniqlanmagani”ni aytmoqda. Shu bilan birga, 1, 3 va 10-sonli shahar klinik shifoxonalari, tug‘uruqxona va Ivano-Matreninsk bolalar klinik shifoxonasi karantinga yopilgan. Bundan tashqari, Shelexov shahridagi Irkutsk alyuminiy zavodida (IrkAZ) niqob taqish rejimi joriy etilgan.
2 oktyabrga o‘tar kechasi Irkutskda o‘latga qarshi kurashish instituti laboratoriyasi xodimi, 28 yoshli Darya Shipilova vafot etdi. Uning o‘limi sababi rasman e’lon qilinmagan. “Rospotrebnadzor” bemorda “kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya” bo‘lganini ma’lum qilgan. Idora xodimaning lavozimi va ismini ochiqlamagan, faqat uning institutda ishlaganini bildirgan. Qo‘shni Buryatiya rahbari Aleksey Sidenov esa uning o‘limiga o‘lat sabab bo‘lganini aytgan.
Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev 2 oktyabr kuni Rossiyaning bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova ishtirokida viloyat sanitariya va epidemiyaga qarshi komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilganini aytdi. U bunga viloyat aholisidan birida “o‘ta xavfli infeksiya” aniqlangani ehtimolini sabab qilib keltirgan. Biroq gubernator infeksiyani keltirib chiqaruvchi mikroorganizm nomini ochiqlamagan.
Kobzevning so‘zlariga ko‘ra, epidemiyaga qarshi barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Yaqin aloqada bo‘lgani aniqlangan barcha shaxslar esa tibbiy kuzatuvga olingan.