"Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Isroilning Erondagi yadro ob’ektlariga zarba berish haqidagi g‘oyasini rad etishga qaror qildi. Bu qaror AQSh ma’muriyatida bu masala bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga kelganidan so‘ng qabul qilingan", deb xabar bermoqda nashr manbalarga tayanib.
Manbalarning aytishicha, Tramp buning o‘rniga Tehron bilan uning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha muzokaralarga e’tibor qaratishga qaror qilgan.
"Isroil may oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hujum rejasini ishlab chiqqan. Maqsad Eronning yadroviy qurol yaratish imkoniyatini bir yilga yoki undan ko‘proq muddatga kechiktirish bo‘lgan. Bu rejalarni amalga oshirish uchun AQShning yordami zarur edi, biroq Tramp ma’muriyatidagi ayrim mansabdorlar bunga shubha bilan qaradi. Natijada, bir necha oylik ichki muhokamalardan so‘ng Tramp muzokaralar yo‘lini tanladi", deb yozadi The New York Times.
Avvalroq AQSh va Eron vakillari Ummonda muzokaralar o‘tkazgan edi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichi 19 aprel kuni Rimda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.