Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 30-maktabning 8-sinf o‘quvchisi o‘zini osib, vafot etdi. Bu haqda marhumaning onasi «Gazeta.uz»ga xabar qildi.
Nashr bilan suhbatlashgan ayol uning qizi (2010 yil 8 iyul kuni tug‘ilgan) maktabda o‘qituvchilari bilan tortishgandan so‘ng bunga qo‘l urgan deb hisoblamoqda.
«27 fevral kuni „Geometriya“ darsida o‘qituvchisi qizimga og‘zidagi narsani olib tashlashini aytgan, qizim qorni ochligini aytib, buni rad qilgan. Keyin og‘zaki tortishuv kelib chiqqan. O‘qituvchisi shunda „Sening qanaqa qizligingni juda yaxshi bilaman“ deya nomiga yomon gap aytgan. Qizim uyga kelib o‘qituvchim shunaqa dedi, deb xafa bo‘lib aytib berdi. Ertasi kuni sinf rahbari uni joyini o‘zgartirib, boshqa qiz bilan o‘tqazgan. Qizim u qiz bilan o‘tirishni xohlamasligini aytgan. Shundan keyin yana o‘qituvchisi bilan tortishgan va darsdan chiqib ketgan. Uyga kelganda „Boshim og‘riyapti oyi“ deb aytdi. Dori ichib uxlab ol, dedim. Birozdan keyin qarasam qo‘yxonada o‘zini osib qo‘yibdi», — deydi qizning onasi.
Maktab ma’muriyati o‘sha kuni o‘qituvchi va qiz o‘rtasida tortishuv bo‘lganini tasdiqladi va oxirgi kunlarda qizning ruhiyatida o‘zgarish kuzatilmaganini ma’lum qildi. Maktab direktori oxirgi vaqtlar bu maktabda o‘quvchilar o‘limi ko‘payib ketgani yuzasidan psixologik suhbatlar va profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganini qayd etdi.
Bosh prokuratura holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, holat 2025 yil 28 fevral kuni soat 10:30 larda Karmana tumani, “Yangihayot” MFY, Al-Buxoriy ko‘chasi, 50-uyda sodir bo‘lgan. 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan I.J. yashash xonadonining xo‘jalik binosida arqon bilan o‘zini o‘zi osib, joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.
Uning o‘lim sababi dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra, mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani aniqlangan.