NATO bosh kotibi Mark Ryutte ta’kidlashicha, “doimiy va qat’iy bosim” orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga ko‘ndirish mumkin.
Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng Ryutte muzokaralarni “juda samarali” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar NATOning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishdagi roli, shuningdek, Putinni o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini qabul qilishga majburlash choralarini muhokama qilgan.
Ryutte shunday dedi:
“Men doimiy va qat’iy bosim orqali biz Putinni muzokaralar stoliga o‘tqazish va kelishuv jarayonini boshlashga majbur qila olishimizga ishonaman”.
U, shuningdek, Tramp va Putin o‘rtasidagi munosabatlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:
“Tramp — Putinni muzokaralar stoliga olib kelishi va uni o‘z pozisiyasini o‘zgartirishga majbur qilishi mumkin bo‘lgan yagona lider. Biz unga bunda ozgina bo‘sh joy berib, harakat qilish imkonini bermog‘imiz kerak”.
NATO bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda yana faol ishtirok etayotgani qayd etildi. U Vashingtonning Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Yevropadagi ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini ta’kidladi.
Tramp esa Ryutte bilan uchrashuvi davomida Rossiya va Ukraina hanuz kelishuvga erisha olmaganidan “chuqur umidsizlik” bildirib, Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirish ehtimoliga ishora qildi.
“Vaqt kelganini his qildim. Biz uzoq kutdik. Bu juda qattiq sanksiyalar”, — dedi u “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish haqidagi qarorni izohlar ekan.