Dunyoda hech bir inson bu ikki narsadan ayro emas. Odamlar kimga yoki nimagadir albatta e’tiqod qiladi va shu asosida ideallikka intiladi, xoh u haq bo‘lsin, xoh botil.
“E’tiqod” so‘zi arabcha “i’taqada” fe’lidan olingan bo‘lib, “ishonch”, “komil ishonch”, “iymon”, “iymonli bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Keng ma’noda e’tiqod bu insonning oldida turgan maqsad yoki g‘oya haq ekaniga to‘la ishonch bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos psixologik holatdir. Ayni vaqtda e’tiqod uchun turli shart-sharoitlar mavjud bo‘lmog‘i lozim. Umuman olganda, e’tiqod bu – shaxs, guruh va ommani jipslashtiruvchi, odamlarni ijtimoiy hayotning faol a’zosiga aylantiruvchi omildir. Diniy e’tiqod bu ob’ektiv (ya’ni inson irodasidan yuqori turgan) Zotga iymon keltirish, U bilan bevosita muloqotda bo‘lish, Undan madad olish, g‘aroyib voqea-hodisalarning takror sodir bo‘lishi va unga daxldorlik hamda muayyan tasavvur, aqida, muqaddas kitob va payg‘ambar, avliyolarga ishonch, demakdir. Ideallikka intilish esa yo‘lboshchi yoki asoschining fitratidan o‘rnak olib unga o‘xshashga harakat qilish demakdir.
Bugun, turli ijtimoiy tarmoqlarda e’tiqod va ideallikka intilishni qoralovchi sekulyarizm, ya’ni e’tiqoddan holi bo‘lishni targ‘ib etuvchi turli xil fikrlar ko‘paymoqda. Ularning aksariyati ilmiy asoslanmagan mantiqsiz faktlar orqali insonlarning onggiga salbiy ta’sir o‘tkazishga urinmoqda.
Mazkur maqola orqali sizlarga e’tiqod va ideallikka intilishga doir jahon faylasuflari va olimlarining fikrlarini taqdim etamiz.
A’molsiz yashagan kishi g‘aribdir!
I. S. TURGENEV
Idealni inkor etgan odam pastkashlikni osonlik bilan go‘zallik deb qabul qilishi mumkin.
I. GYOTE
Idealsiz yashash yaramaydi. Sog‘lom idealga, xalqimizning qalbidan, vujudidan otilib chiqqan idealga ega bo‘lmoq kerak.
G. DIMITROV
Ideal yo‘lchi yulduzdir. Usiz aniq yo‘lni topish qiyin, aniq yo‘l bo‘lmasa — hayot ham yo‘q.
L. N. TOLSTOY
Idealsiz, ya’ni ma’lum darajada qandaydir ezgulikka intilishsiz hech qachon hech qanday yaxshi jamiyat bo‘lishi mumkin emas.
F.M. DOSTOYEVSKIY
Idealga muhabbat, faol va o‘ta fidoyilikka moyil tuyg‘udir.
M. GORKIY
Tirik jon kuchli e’tiqodga ega bo‘lmasligi mumkin emas… E’tiqodsiz kishilargina e’tiqodni amalga oshira olmaydilar; kaltafahm odamlar yoki vijdonsiz odamlargina e’tiqodsiz bo‘ladilar.
YA. G. CHERNISHEVSKIY
Haqgo‘y va foydali bo‘lish uchun halollikning o‘zi kamlik qiladi, shu bilan birga ideal g‘oyaviy izchillik va e’tiqod ham kerak.
N. G. CHERNISHEVSKIY
O‘z e’tiqodingni aytmog‘ing uchun jur’atli bo‘lishing kerak.
YA. M. SECHENEV
Har bir kishi o‘z e’tiqodini himoya qilishi uchun mard bo‘lishi kerak.
A. GUMBOLDT
E’tiqod o‘zimizniki bo‘lgani uchun emas, balki haqqoniyligi uchungina qimmatlidir.
V. G. BELINSKIY
Faqat tentaklar va murdalargina hech qachon o‘z fikrlarini o‘zgartirmaydilar.
J. LOUELLF
Agar sen odamlardagi samimiy, chuqur, beg‘araz e’tiqodlarni rad etgudek bo‘lsang, unda men sening o‘zingda hech qanday e’tiqod yo‘qligini har jihatdan asoslab bera olaman.
Ya A. DOBROLYUBOV
E’tiqodni devorga osib ko‘z-ko‘z qilib bo‘lmaydi, u faol bo‘lishi kerak.
O.BALZAK
Hayotini o‘z e’tiqodiga bag‘ishlagan odam yangi metallni ixtiro etgan yoki yangi gazni topgan tadqiqotchiga qaraganda ham insoniyatga ko‘proq xizmat qilgan bo‘ladi.
J. LOUELL
E’tiqodsiz odam notavon, har bir a’moli yo‘q odam g‘arib kimsadir.
YA. Ye. REPIN
Jiddiy odamning g‘oyalari ko‘p bo‘lmaydi. G‘oyasi ko‘p odam hech qachon jiddiy bo‘lolmaydi.
P. VALERI
Salgina epkinga ham aylanaveradigan ongsiz pirpirakka o‘xshamaslik kerak. Insonda e’tiqod mustahkamligi bo‘lishi lozim.
J. LONDON
Mening e’tiqodlarim yuragimning urushiga qarab o‘zgaraversa, unda holimga voy.
F. SHILLER
Inson sifatida o‘z fikrining, e’tiqodining qadriga yetmaydigan odam vijdonsizdir.
V. G. BELINSKIY
Alloh taoloning birligi va borligini Muso alayhissalom o‘z millatiga, Iso alayhissalom o‘z ummatiga, Muhammad alayhissalom esa butun insoniyatga bildirdi.
Napoleon BONAPART, Fransiya imperatori
Agar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bugungi dunyoni shaxsan boshqarish taqdir etilganida edi, ul zot barcha muammolarni bartaraf etishning uddasidan chiqardi. Bu esa o‘z navbatida, bugungi dunyomiz nihoyatda muhtoj bo‘lgan tinchlik-xotirjamlik hamda baxt-saodatni shubhasiz, keltirgan bo‘lardi.
Jorj BERNARD SHOU, ingliz dramaturgi
Men dunyo tarixini o‘qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to‘plagan jami saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan... Biz Ovrupa millatlari madaniy imkonimiz yuqori bo‘lishiga qaramay, Hazrati Muhammad so‘nggi pog‘onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yo‘qki, biron kimsa u zotdan yuqoriroqqa o‘ta olmaydi.
Insoniyat har jihatdan hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam oldida qarzdor!
Volfgang GYOTE, nemis mutafakkiri
Barcha zamonlar va xalqlar uchun ENG BUYUK YO‘LBOSHCHI – Muhammad sollallohu alayhi va sallamdir.
Amerikalik olim Maykl Xart
Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilsak inson e’tiqodsiz va ideal insonga intilimasdan yashay olmaydi. Biz musulmonlar uchun e’tiqod bu ISLOM, idealimizdagi, biz o‘xshashga harakat qiladigan va intiladigan inson bu Muhammad sollallohu alayhi vasallam hazratlaridir! Boshqa hech kim va hech narsa.
Manba: azon.uz