Markaziy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlarida muzliklarning tez erishi oqibatida suv tanqisligi kuchayishi mumkin. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan noyabr oyida e’lon qilingan «Glaciers to Farms» nomli tadqiqotda ma’lum qilingan.
Mutaxassislar baholashicha, XXI asr oxiriga qadar havo haroratining 3–5 darajaga ko‘tarilishi mintaqa suv muvozanatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Muzliklarning erishi daryolar suv oqimining mavsumiy taqsimotini o‘zgartiradi. Qurg‘oqchilik davrlarining uzayishi esa qishloq xo‘jaligi, energetika va aholi uchun qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqaradi.
Tadqiqot muzliklardan suv oladigan to‘rtta daryo havzasini — Kura, Norin, Panj va Svat daryolarini qamrab olgan. Hisobotda global isish, muzliklarning qisqarishi va suv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining o‘zgarishi oqibatlari tahlil qilingan.
Ko‘p yillik muzloq hududlarning yemirilishi ham qo‘shimcha xavf tug‘diradi. Bu ko‘chkilar, sel oqimlari va muzlik ko‘llarining to‘satdan yorib ketishi ehtimolini oshiradi. Bunday tabiiy ofatlar yo‘llar, ko‘priklar, to‘g‘onlar va irrigasiya inshootlariga zarar yetkazishi mumkin.
Xavflarni kamaytirish uchun Osiyo taraqqiyot banki suv omborlari va sug‘orish tizimlarini modernizasiya qilish, suv yo‘qotilishini qisqartirish, tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda gidrometeorologik monitoringni rivojlantirishni tavsiya qilmoqda.
Shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Chunki mintaqadagi ko‘plab yirik daryolar bir nechta mamlakat hududidan oqib o‘tadi.
«Glaciers to Farms» keng ko‘lamli dasturi doirasida 2026–2035 yillarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish uchun 3,5 milliard dollargacha investisiya yo‘naltirish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ning 250 million dollari Yashil iqlim jamg‘armasining imtiyozli moliyalashtirish va grant mablag‘larini tashkil etadi.