Moskva transport departamenti kurerlar uchun elektron test sinovlarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda departamentning Telegram-kanalida xabar berildi.
Rossiya poytaxtida faoliyat yurituvchi yetkazib berish xizmatlari xodimlari 30-sentyabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalari va ish standartlarini bilish bo‘yicha imtihon topshirmoqda. Testlar «APT» axborot tizimi orqali o‘tkazilmoqda.
Birinchi bosqichda — 14-oktyabrgacha — testlar ixtiyoriy. Biroq 15-oktyabrdan boshlab xizmatlar imtihondan o‘tmagan kurerlarni buyurtmalarga qo‘ya olmaydi.
Test ikki yo‘nalishni qamrab oladi:
xavfsiz harakatlanish qoidalari — tezlik me’yorlari, velosiped, skuter va elektrosamokatlarda harakatlanish, piyodalar o‘tish joylarida transportdan tushib o‘tish talabi;
kurerlar uchun ish talablari — tashqi ko‘rinish, sumka, transport vositasi, smenani boshlash tartibi, yetkazib berish qoidalari va xizmat ko‘rsatish etikasi.
Testdan o‘tish uchun kurer savollarning kamida 80 foiziga to‘g‘ri javob berishi kerak. Natija kurerning shaxsiy kabinetida aks etadi va bir yil davomida amal qiladi.
Moskva transport departamenti rahbari Maksim Liksutovning so‘zlariga ko‘ra, testdan o‘tish har bir xodim yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishi va piyodalar oldidagi mas’uliyatini tushunishini tasdiqlash imkonini beradi.
Shuningdek, departament Davlat avtomobil inspeksiyasi va Moskva avtomobil-yo‘l instituti bilan birgalikda kurerlarning yo‘l harakati qoidalarini buzishini aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
Liksutovning ta’kidlashicha, yetkazib berish xizmatlari xavfsizligini oshirish ishlari Moskva meri Sergey Sobyaninning topshirig‘i asosida olib borilmoqda.