«Inter Mayami» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi bolaligida ingliz tilini o‘rganmaganidan afsusda ekanini tan oldi.
«Men ko‘p narsadan afsuslanaman va bu haqda farzandlarimga ham aytaman. Yaxshi ta’lim va tayyorgarlik ko‘rish juda muhim.
Men shunday vaziyatlarga tushib qolganmanki, atrofimda ajoyib insonlar bo‘lgan, lekin men ular bilan gaplasha olmaganman. O‘shanda doim: “Naqadar ahmoqman, vaqtimni nimaga sarfladim ekan-a”, deb o‘ylardim.
Futbol — bu hayot tarzi, men buni tushunaman. U sizga qadriyatlar, umrbodlik aloqalar va yangi joylarni ko‘rish imkoniyatini beradi. Biz hamma narsaga erishdik va cho‘qqini zabt etdik, ammo bundan tashqari yana ko‘plab bilim va tajriba orttirish mumkin.
Futbol sizni tarbiyalaydi. Men farzandlarimga baribir o‘qish kerakligini aytaman. Men hech qachon hech narsaga muhtojlik sezmaganman, lekin ularda, albatta, vaziyat boshqacha. Ularda boshqa imkoniyatlar bor. Bolalikda buni anglamaysan. Ba’zida o‘zimni ilmsiz (johil)dek his qilardim», — dedi Messi Miro de Atrás ko‘rsatuvi efirida.