Toshkent shahar IIBBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida ikki kishi ushlangan.
«Imarat Development» qurilish loyihasi egasi Marat Hamdamov Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan va JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.
Bu voqea kompaniya loyihalaridagi xonadonlar mijozlariga va’da qilingan (shartnomada ko‘rsatilgan) muddatlarda topshirilmagani ortidan muammolar yuzaga kelishi fonida bo‘lmoqda.
1 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi ofisi Sergeli tumanidagi Buyuk avlod shoh ko‘chasida joylashgan «Imarat Development» mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariyatiga nisbatan JKning 168-moddasi va 192 prim 11-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.
Toshkent shahar IIBBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida M.X. va J.A. Jinoyat prosessual kodeksining 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan.
Ma’lumot uchun, JPKning 227-moddasiga ko‘ra surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ushlab turish, gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish haqidagi qarori asosida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi ushlangan shaxsni eng yaqin ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga darhol olib borishi shart.