SpaceX rahbari Ilon Maskning Ukrainaga munosabati «saxiy yordam»dan «ochiq tanqid»gacha o‘zgardi. Bu haqda The Atlantic jurnali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning eslatishicha, Mask 2022 yilda Ukraina shifoxonalari, elektr stansiyalari va davlat muassasalariga minglab Starlink antennalarini taqdim etgan. Keyinchalik Ukraina Qurolli kuchlari ushbu tizimdan dronlarni boshqarish va aloqa o‘rnatishda foydalana boshlagan.
Manbalardan biriga ko‘ra, Starlink yordamida amalga oshirilgan hujumlar videolari SpaceX kompaniyasida jiddiy xavotir uyg‘otgan.
The Atlantic mualliflari Ukrainada Starlink faoliyatida yaqinda kuzatilgan uzilishlar Mask xizmatni istalgan vaqtda o‘z xohishiga ko‘ra to‘xtatishi mumkinligini ko‘rsatganini ta’kidlamoqda.