O‘zbekistonda 2026 yil 1 sentyabrdan san’atkorlar va konsert-tomosha sohasidagi ijrochilar xizmatlarini “Soliq” mobil ilovasi orqali majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasiga ko‘ra, to‘y, yubiley, sunnat to‘yi, nikoh marosimlari hamda restoran va boshqa tadbirlarda ko‘rsatiladigan har bir xizmat “bir xizmat — bir to‘lov” tamoyili asosida soliqqa tortilishi rejalashtirilgan. Bu esa har bir chiqish alohida hisobga olinib, soliq undirilishini nazarda tutadi.
Madaniyat vazirligi avval ushbu hujjatni ko‘rib chiqib, ayrim bandlari yuzasidan e’tirozlar kiritilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, hozirgi kunda konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar amaldagi qonunchilik asosida soliq to‘lab kelmoqda. Xususan, ular har oyda kamida bir baravar bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 412 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi, shuningdek, yillik daromadidan 12 foiz daromad solig‘i undiriladi.
Shu bois vazirlik ayrim muhokamalarda uchrayotgan “san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi” degan fikrlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, davlat tadbirlariga jalb etiladigan ijodkorlar va ijrochilarning xizmat haqlari ham qonuniy tartibda to‘lanishi qayd etildi.
Madaniyat vazirligi loyiha yuzasidan yengilliklar kiritish, soliq stavkalarini toifalar kesimida adolatli belgilash, soha vakillari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda normalarni aniqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirganini ma’lum qildi.
Vazirlik ushbu masalada jamoatchilik fikri muhim ekanini ta’kidlab, yakuniy qaror qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillari asosida qabul qilinishi lozimligini qayd etdi.