O‘zbekiston U-15 terma jamoasi joriy yil Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan tarixiy FIFA U-15 World Cup & Festival 2026 musobaqasida Qozog‘iston bilan bir guruhdan joy oldi.
Sports.kz nashrining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari ushbu guruhda Bagam orollari, Gana, Guam hamda Myanma o‘smirlar terma jamoalari pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
FIFA tomonidan ilk bor tashkil etilayotgan mazkur turnir 22–31 oktyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkaziladi. Musobaqada dunyoning 191 ta mamlakati vakillari qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, terma jamoalar 32 ta guruhga taqsimlangan.
Guruh bosqichi 24–26 oktyabr kunlariga belgilangan. Har bir jamoa uch kun davomida beshtadan uchrashuv o‘tkazadi. Taqvim zichligi sabab ayrim kunlari terma jamoalar ikki martadan maydonga tushishi ko‘zda tutilgan.
FIFA U-15 World Cup & Festival 2026 yosh futbolchilar o‘rtasidagi yangi formatdagi musobaqa bo‘lib, uning ilk nashri FIFA tarixida alohida ahamiyatga ega turnir sifatida o‘tkaziladi.