Bugun 18 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

“Nega sovet merosiga qilinayotgan mehribonchilik milliy merosimizga qilinmayapti?”

“Nega sovet merosiga qilinayotgan mehribonchilik milliy merosimizga qilinmayapti?”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Madaniy meros agentligining Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino yuzasidan bildirgan munosabatiga javob berdi. U agentlikka Sarmishsoy, Shohizinda va Mizdahqon kabi madaniy meros ob’ektlari bo‘yicha bir qator savollarni takror yo‘lladi.

Avvalroq, 15 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Qodirov Toshkent shahri, Bobur ko‘chasi, 7-uydagi binoga madaniy meros ob’ekti sifatida munosabat bildirilishiga e’tiroz qilgan edi. 16 sentyabr kuni esa Madaniy meros agentligi deputatning fikrlariga rasmiy munosabat bildirdi.

Shundan so‘ng Qodirov o‘zining “Telegram” kanalida agentlik munosabatiga javoban, idora parlamentdagi byudjet hisoboti vaqtida deputatlarning savollariga javob berish o‘rniga ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirganini ta’kidladi.

“Partiya javob munosabati qilmaydi, albatta, lekin savollarimizga javob olish uchun parlament so‘rovi yoki eshituvi vakolatimizdan foydalanishga harakat qilib ko‘ramiz”, deb yozdi deputat.

Qodirovning qayd etishicha, u Sarmishsoy, Shohizinda va Mizdahqon kabi ob’ektlar bo‘yicha bildirgan tanqid va takliflariga agentlikdan javob ololmagan.

U Sarmishsoyda noyob madaniy meros ob’ektiga milliardlab mablag‘ sarflangani holda, gektarlab hududdagi ochiq muzey qarovsiz va tashlandiq holatda qolayotganiga izoh so‘ragan.

Shuningdek, deputat Shohizindaga olib boruvchi avtomobil yo‘li yodgorlikka jiddiy zarar yetkazayotgani, uni ta’mirlash uchun mablag‘ yo‘qligi va bu masalada mahalliy hokimiyatga nisbatan sud jarayoni olib borilmayotganini ham savol ostiga qo‘ygan.

Qodirov Buxoroda saqlanayotgan Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri Arkda talabga javob bermaydigan omborda saqlanayotgani haqida ham savol bergan. Shuningdek, Dovon davlati bilan bog‘liq noyob meros ob’ektlari joylashgan hududlarning dehqonchilik uchun berib yuborilgani yuzasidan izoh so‘ragan.

“Nega agentlik sovet davridagi merosga qilayotgan mehribonchiligini ming yillik milliy madaniyatimiz va merosimizga nisbatan qilmayapti? O‘nlab savollar bor, o‘tgan yildan beri javob olishga harakat qilyapmiz”, deya yozgan Qodirov.

Deputat o‘z e’tirozi muayyan shaxsning millatiga emas, balki madaniy meros ob’ektlariga e’tibor va mablag‘larning qanday taqsimlanayotganiga qaratilganini ta’kidlagan.

“Biz o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan madaniy merosimiz bir chekkada qolib ketib, bir rus rassomi, o‘zbek adabiyotshunosi, ukrain arxitektori yoki biron boshqa qadrli ekanligiga shubhamiz bo‘lmagan vatandoshimizni, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kvartirasini asrashga ko‘proq e’tibor qaratilayotganiga e’tiroz bildiryapmiz”, degan u.

Qodirov Madaniy meros agentligining parlamentdagi hisobot berish tartibi yuzasidan ham savol bergan.

“Mutaxassis emasmiz, balki xato o‘ylayotgandirmiz? Nega parlamentda hisobot berish uchun hukumat keladi-yu, agentlik jo‘yali javoblar berolmasdan tarmoqlardan turib munosabat bildiradi?”, deya yozgan deputat.

U mazkur masala bo‘yicha parlamentdagi vakolatlaridan foydalanishini bildirgan.

“Bu deputat sifatida mening fikrim, partiya raisi sifatida agentlik hisobotidan keyin parlamentda so‘z olaman”, degan Alisher Qodirov.

Kiritildi: 23:56 17.09.2026. O'qildi: 968 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!