Toshkent viloyatida tug‘ilgan 65 yoshli bemor bir necha yildan buyon jigar sirrozi, fibroz, asid, portal gipertenziya va qizilo‘ngach venalarining varikoz kengayishi kabi og‘ir kasalliklar bilan kurashib kelgan.
Milliy tibbiyot markazi shifokorlari, jumladan, tajribali transplantolog Jasur Sobirov boshchiligidagi jamoa bemorni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazib, unga jigar transplantasiyasi zarurligi haqida qaror qabul qilgan. Biroq operasiyaga tayyorgarlik jarayonida bemorning ahvoli keskin yomonlashib, ensefalopatiya sababli koma holatiga tushib qolgan.
Bunday hollarda jarrohlik amaliyoti o‘ta xavfli hisoblanadi. Biroq Markaz shifokorlari bemorning hayotini saqlab qolish uchun jasorat bilan harakat qilishgan. Bir necha soat davom etgan murakkab operasiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va bemorning hayoti saqlab qolingan. Bemor bir sutka ichida ongiga qaytgan va o‘zini ancha yaxshi his qila boshlagan.
Bemorning 25 yoshli qizi onasi uchun donorlik qilgan.