Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vazirlar Mahkamasiga «Hizbulloh» harakatini qurolsizlantirish va mamlakatlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish maqsadida Livan bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashni buyurdi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
«Livanning Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash haqidagi bir necha bor so‘roviga javoban, kecha Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida men muzokaralarni darhol boshlashni buyurdim», dedi Isroil bosh vaziri.
8 aprel kuni Isroil mudofaa kuchlari Livandagi «Hizbulloh» infratuzilmasiga katta hujumni e’lon qildi. Hujumlar Bayrut, Bekaa vodiysi va mamlakat janubiga qaratilgan bo‘lib, taxminan o‘n daqiqa davom etdi.
IDF ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘mondonlik punktlari va harbiy inshootlar kabi 100 dan ortiq nishonga zarba berilgan. Nishonlar orasida guruhning shtab-kvartirasi, razvedka markazlari, raketa uchirish infratuzilmasi, dengiz floti inshootlari va «Radvan» bo‘linmasi bor edi. Eron tajovuzni to‘xtatishni talab qildi va buni Qo‘shma Shtatlar bilan sulh bitimining buzilishi deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, Livanga hujumlar sabab yuzlab qurbonlar qayd etildi.