Eron Isroil Livanga hujumlarni davom ettirsa, tinchlik kelishuvidan chiqishi mumkin. Bu haqda Tasnim agentligi manbaga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Tehron Isroil tomonidan sulh shartlari buzilayotganini jiddiy tahdid sifatida baholamoqda.
«Agar Isroil Livanga hujumlarni davom ettirib, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzsa, Eron kelishuvdan chiqadi. Agar AQSh mintaqadagi o‘zining agressiv “itini” to‘xtata olmasa, Eron bunga o‘zi yordam beradi — zarur bo‘lsa, kuch ishlatib», — dedi agentlik suhbatdoshi.
Shuningdek, manba Eron Qurolli kuchlari Isroilning Livandagi so‘nggi hujumlariga javob sifatida ehtimoliy nishonlarni aniqlayotganini qo‘shimcha qildi.
Mutaxassislar fikricha, bunday keskin bayonotlar mintaqadagi vaziyat yanada izdan chiqishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaysa, bu keng qamrovli harbiy to‘qnashuvga olib kelishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.