Eron Tashqi ishlar vazirligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha davlatlar, jumladan AQSh kemalari uchun ham ochiq ekanini ma’lum qildi.
Bu haqda Eron TIV rahbari o‘rinbosari Said Xatibzade Britaniyaning ITV telekanaliga bergan intervyusida aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsiz o‘tish uchun kemalar Eron harbiylari bilan muvofiqlashtirilgan navigasiyadan foydalanishi lozim.
«Har bir kema bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishi uchun zarur ehtiyot choralarini Eron rasmiylari bilan kelishib olishi kerak», — dedi Xatibzade.
Uning ta’kidlashicha, bu choralar AQSh va Isroil hujumlaridan so‘ng ko‘rilgan harbiy tadbirlar, jumladan minalar joylashtirilishi bilan bog‘liq. «Ularni olib tashlash uchun vaqt kerak», — dedi u. Shu vaqtga qadar Eron xavfsiz harakatlanish uchun maxsus xaritalar va yo‘nalishlar taqdim etishga tayyorligini bildirgan.
Xatibzadega ko‘ra, ruxsat barcha davlatlar kemalariga tegishli bo‘lib, «dushmanona harakatlar» kuzatilmagan taqdirda cheklov qo‘yilmaydi. U hozircha bunday alomatlar yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.