Deutsche Welle kolumnisti Ivan Preobrajenskiy Rossiya prezidentining 7 aprel kuni mintaqaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarga kelmaganini shunday izohladi. Ushbu sana munosabati bilan Rossiyada hatto yangi bayram – "Kenigsbergning qahramonona egallangan kuni" (9 aprel) joriy etilgan edi.
"Putin Kaliningrad viloyatiga borishdan qo‘rqadi. Hatto u yerga deyarli bora olmaydi, deyish ham mumkin. Zero, Rossiya aviasiyasi uchun Ittifoq davlatlari havo hududi orqali parvoz qilish taqiqlangan.
Boltiq dengizi orqali suzib borishga esa — ayniqsa Shvesiya va Finlyandiya NATO'ga a’zo bo‘lib, bu dengiz alyansning ichki suv havzasiga aylangach — Putin tavakkal qilmaydi. Rossiyaning viloyatiga suvosti kemasida maxfiy rejimda bormasa kerak", — deb yozadi Preobrajenskiy.
Muallifning fikricha, Kreml bu muammoni ommaga ko‘rsatishni istamaydi. Kaliningrad esa Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va NATO bilan ehtimoliy to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvi nuqtai nazaridan xaritadagi eng xavfli nuqtaga aylangan.