Evropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenga Kanadaga Yevropa Ittifoqining «assosiasiyalashgan a’zosi» maqomini berish bo‘yicha tashabbusni amalga oshirish hozircha nasib etmadi. Germaniya kansleri Fridrix Mers va bir qator boshqa hukumat rahbarlari ushbu rejani rad etishdi. Natijada Monreal shahrida o‘tgan YEI–Kanada sammiti yakuniy bayonoti loyihasidan «assosiasiyalashgan a’zolik» va «assosiasiyalashgan a’zo» atamalari chiqarib tashlandi.
Bundan tashqari, tomonlar moliyaviy bozorlarni integrasiya qilish va iqtisodiy xavfsizlik choralari bo‘yicha dastlab ko‘zda tutilgan majburiyatlarni yumshatdilar. Buning o‘rniga hujjatda kelasi yilgi sammitga qadar «Kanadaning YEI bilan yanada jipslashgan integrasiyasi» konsepsiyasini ishlab chiqish niyati aks etdi.
Yangi matnda asosan Kanada Bosh vaziri Mark Karni tomonidan ilgari surilgan «Kelajak uchun alyans» (Alliance for the Future) konsepsiyasi ustuvor o‘rin egalladi. Bu format orqali savdo to‘siqlarini olib tashlash, investisiyalarni soddalashtirish hamda inqirozli davrlarda ham muhim xomashyo (jumladan, Kanada suyuqlantirilgan gazi), dori-darmon va texnologiyalar yetkazib berishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Mark Karni «assosiasiyalashgan a’zolik» atamasi chiqarib tashlanganiga alohida urg‘u bermay, asosiy e’tibor natijaga qaratilishi kerakligini ta’kidladi: «Gap aniq nomlar yoki atamalarda emas. Eng muhimi — bu kelishuvlar kanadliklar hayotida aynan qanday amaliy ahamiyatga ega bo‘lishidadir».