Italiya Ichki ishlar vazirligi yoqilg‘i narxi qimmatlashgani sababli avtomobil yo‘llarini to‘sib qo‘yish bilan kuzatilayotgan noqonuniy norozilik namoyishlari ishtirokchilarini tekshirishni boshladi. «Corriere della Sera» gazetasi xabar berishicha, yuk mashinasi haydovchilarini tekshirish ishlari asosan mamlakat janubidagi Kampaniya viloyatida olib borilmoqda.
Nashrning yozishicha, huquq-tartibot organlariga transport vositalarini ular to‘plangan joylardan kuzatib borish (tarqatish) vazifasi topshirilgan. Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarning harakatlarida jinoiy guruhlarning qo‘li borligini istisno etmayapti.
Mamlakatning janubiy hududlarida, jumladan, Neapol va Sisiliyada davom etayotgan ish tashlashlar fonida supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuzatilmoqda. Ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa yoqilg‘i tugab qolgan.
Neapol va Bari rasmiylari chiqindilarni olib chiqib ketishda ham uzilishlar bo‘layotganini xabar qilmoqda. Bir qator janubiy aeroportlarda, jumladan, ushbu shaharlardagi aviasiya kerosini taqchilligi yuzaga kelgan. Bundan tashqari, Neapolda jamoat transporti faoliyatida ham uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirilmoqda. Nashrning eslatishicha, 2008 yilda Neapoldagi chiqindi inqirozi Romano Prodi hukumatining ag‘darilishiga olib kelgan omillardan biri bo‘lgan edi.
Avvalroq, tarmoq birlashmalari Italiya hukumati yoqilg‘i narxi oshishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 500 million yevrogacha mablag‘ ajratishni kafolatlaganidan keyin yo‘llarni to‘sishni to‘xtatishga chaqirgan edi. Biroq yuk tashuvchilarning ayrim guruhlari, xususan, Sisiliyadagilar ish tashlashni davom ettirishga qaror qilishdi.
Vaziyat fonida Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni transport kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi dekretni qabul qilish uchun hukumatning favqulodda yig‘ilishini shoshilinch ravishda chaqirmoqda.