Yangilangan xavfsizlik strategiyasining 10 ta tamoyilini o‘z ichiga olgan uch sahifalik hujjat 18 oktyabr kuni, parlament saylovlariga to‘qqiz kun qolganida e’lon qilingan.
Muxolifat etakchisi Yair Lapid doktrinani «yuzaki» va «g‘alati» deb atab, uni sun’iy intellekt chatbotining bepul versiyasi yozgan matnga qiyosladi.
Isroil armiyasi Bosh shtabi sobiq rahbari, «Yashar» partiyasi etakchisi Gadi Ayzenkot esa hujjatni «shiorlar bilan to‘ldirilgan bo‘sh sahifalar» deb ta’rifladi.
Uning fikricha, Netanyahu mamlakatni «strategik bo‘shliq» holatida qoldirgan va saylovchilar e’tiborini xavfsizlik sohasidagi muvaffaqiyatsizliklardan chalg‘itishga urinmoqda.
Netanyahu taqdim etgan strategiya tahdidlarni jilovlashdan oldindan zarba berishga o‘tish, harbiy ustunlikni mustahkamlash va Isroil chegaralari bo‘ylab bufer zonalar tashkil etishni nazarda tutadi. Biroq hujjatda bunday zonalar aynan qaysi hududlarda tashkil etilishi mumkinligi aniq ko‘rsatilmagan.
Doktrinada asosiy tahdidlar sifatida Eron, Livandagi «Hizbulloh» harakati, Yamandagi husiylar, yuqori aniqlikdagi raketalar, uchuvchisiz uchish apparatlari va kiberhujumlar qayd etilgan.
Shuningdek, milliy mudofaa sanoatini rivojlantirish, xorijdan qurol-yarog‘ etkazib berilishiga qaramlikni kamaytirish hamda sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari va kosmik sohaga sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Hujjatning alohida bandida Netanyahu «Isroil eri» deb ataydigan hududlarda yahudiylar manzilgohlarini kengaytirishni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan.
Doktrina taqdimoti vaqtida bosh vazir mintaqaviy tahdidlar va ittifoqlar aks ettirilgan xaritalarni ham ko‘rsatgan. Ulardan birida Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va Pokiston «Sunniy olmos alyansi» nomi ostida birlashtirilgan. Biroq hujjatda ushbu davlatlar o‘rtasida rasmiy harbiy ittifoq mavjudligi tasdiqlanmagan.
Muxolifat Netanyahuni 2023 yil oktyabrida HAMASning hujumidan oldin Isroil xavfsizlik kuchlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni tekshirishdan bosh tortayotganlikda ham aybladi.
Ayzenkot bosh vazirning harbiy muvaffaqiyatlar haqidagi bayonotlariga shubha bildirib, HAMAS G‘azoda qurolli tuzilmalarini saqlab qolayotganini, «Hizbulloh» esa Livanda o‘z imkoniyatlarini qayta tiklayotganini ta’kidladi.
Uning va’da berishicha, muxolifat hokimiyatga kelgan taqdirda, yangi milliy xavfsizlik strategiyasi 150 kun ichida ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.