Iroq hukumati sentyabr oyida Saudiya Arabistoniga uyushtirilgan hujumlarga Eron tomonining aloqadorligi bo‘yicha Bag‘dodda dalillar paydo bo‘lgani sababli Eron bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarining (NAO‘P) katta qismini yopdi.
Bu haqda Shafaq News portali manbaga tayanib yozmoqda.
Nashr suhbatdoshining ma’lumotlariga ko‘ra, Eron bilan chegaradagi NAO‘Plarni yopish haqidagi farmonni shaxsan mamlakat bosh vaziri Ali az-Zeydi bergan.
Iroq rasmiylari Tehron nafaqat Saudiyaning "Sharq — G‘arb" neft quvuriga berilgan zarbaga aloqador, balki chegaraoldi hududlariga dronlarni yig‘ish uchun butlovchi qismlarni import qilgan, deb hisoblamoqda. Ushbu dronlardan keyinchalik Saudiya Arabistoniga hujum qilishda foydalanilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Sharq — G‘arb" trans-saudiya neft quvurining Ar-Riyod va Madina hududlaridagi faoliyati joriy yilning 10 sentyabr kuni ertalab sodir bo‘lgan bir nechta hujumlardan so‘ng ehtiyot chorasi sifatida to‘xtatilgan edi. Keyinchalik hujumlar Iroq hududidan turib amalga oshirilgani aniqlangan. O‘shanda Az-Zeydi hujum holatlarini zudlik bilan tekshirish, tashkilotchilarni aniqlash va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq bergan edi.